Noldan ochish · 8-qadam

Guruhlar yaratish

Guruh — butun tizimning yuragi: u kurs, o'qituvchi va xonani bir joyga bog'laydi va dars jadvalini belgilaydi. Guruhni saqlagan zahotingiz tizim butun kurs davri uchun darslarni sana va vaqti bilan o'zi yozib chiqadi. O'quvchini esa faqat mavjud guruhga qo'sha olasiz.

Qayerga kirish

Menejer paneli → chap menyu → Guruhlar. Sarlavha ostida jami nechta guruh borligi va bugun nechtasida dars borligi yoziladi. O'ng tepada Yangi guruh tugmasi turadi.

Menejer panelidagi Guruhlar ro'yxati
Guruhlar ro'yxati: har kartada o'qituvchi, dars vaqti, kurs, dars kunlari va o'quvchilar soni.
Diqqat:Bu qadamdan oldin kurs, xona va o'qituvchi tayyor bo'lishi shart — guruh formasi ularni tayyor ro'yxatdan tanlaydi. Agar birortasi yo'q bo'lsa, avval 5-, 6- va 7-qadamlarni bajaring.

Nima yoziladi

Yangi guruh bosilsa «Yangi guruh qo'shish» oynasi ochiladi. Barcha maydonlar to'ldirilishi kerak va kamida bitta dars kuni tanlanishi shart.

«Yangi guruh qo'shish» oynasi
Guruh formasi: nom, ustoz, sana, vaqt, davomiylik, xona, kurs, avtomatik hisoblangan darslar soni va dars kunlari.
  1. 1Guruh nomi — masalan «Ingliz tili - 10A». Nomga guruh darajasini va vaqtini qo'shib yozsangiz ro'yxatda topish oson bo'ladi.
  2. 2Ustoz — ro'yxatdan tanlanadi (7-qadamda qo'shganlaringiz).
  3. 3Guruh ochilgan sana — dars jadvali aynan shu sanadan boshlab shakllantiriladi, shuning uchun aniq kiriting.
  4. 4Boshlanish vaqti — ro'yxatdan tanlanadi: 04:00 dan 23:00 gacha, yarim soat qadam bilan. Oraliq keng olingan, shuning uchun erta tongdagi va kech kechqurungi guruhlarni ham shu ro'yxatdan tanlaysiz.
  5. 5Davomiyligi — bitta darsning uzunligi: 30 daqiqadan 300 daqiqagacha, 30 daqiqa qadam bilan (standart 60). Darsning tugash vaqti shundan o'zi hisoblanadi.
  6. 6Xona — dars o'tiladigan xona (6-qadamda kiritilgan).
  7. 7Kurs — kurs tanlanganda uning narxi va davomiyligi (oy) guruhga o'tadi.
  8. 8Jami darslar soni — avtomatik hisoblanadi va qo'lda kiritilmaydi. Formula: kurs oylari × 4,33 × haftadagi dars kunlari, yuqoriga yaxlitlanadi. Maydon ostida hisob ko'rinib turadi (masalan «39 ta dars · 3 oy × 3 kun/hafta»).
  9. 9Dars kunlari — Dushanba'dan Yakshanba'gacha kerakli kunlarni bosib belgilaysiz. Hech biri tanlanmasa qizil yozuv chiqadi: «Kamida bitta kun tanlang».

Qo'shish tugmasini bosing. Natija: «Guruh qo'shildi. 39 ta dars yaratildi» degan xabar chiqadi — ya'ni guruh ham, uning butun dars jadvali ham bir vaqtda yaratildi.

Eslatma:Formada narx ham, status ham so'ralmaydi: narx tanlangan kursdan olinadi, guruh esa avtomatik Faol holatda ochiladi.

Dars jadvali avtomatik tuziladi

Guruhni saqlaganingizda tizim butun kurs davri uchun darslarni bittalab yozib chiqadi — jadvalni qo'lda tuzish shart emas. Har bir darsga quyidagilar yoziladi:

  • dars tartib raqami (1-dars, 2-dars, ...);
  • sana va hafta kuni;
  • boshlanish va tugash vaqti (tugash = boshlanish + davomiylik);
  • o'qituvchi va xona.

Sanalar qanday tanlanadi

Hisob «Guruh ochilgan sana»dan boshlanadi va faqat siz belgilagan hafta kunlari olinadi. Kerakli darslar soni to'lguncha kalendar bo'ylab oldinga yuriladi, so'ngi darsning sanasi esa guruhning tugash sanasi bo'lib qoladi.

Masalan: 3 oylik kurs, dars kunlari Dushanba/Chorshanba/Juma, boshlanish 10:00, davomiyligi 60 daqiqa → 39 ta dars yoziladi: birinchisi guruh ochilgan sanadan keyingi eng yaqin dushanba/chorshanba/jumada, oxirgisi esa taxminan uch oydan keyin.

Eslatma:Guruh sahifasida Dars progressi ko'rsatkichi turadi: «12 / 39 dars · 31%» — ya'ni jadvaldagi nechta dars o'tib bo'lgani. Bu son davomat olingan darslar asosida yangilanadi.

Bayram kunlari jadvalga qanday ta'sir qiladi

Dars jadvali Bayram kunlari bo'limidagi kunlarni hisobga oladi. Bayramlarni chap menyudagi Bayram kunlari bo'limida kiritasiz: nomi, boshlanish va tugash sanasi hamda Har yili takrorlanadi tugmachasi.

«Yangi bayram qo'shish» oynasi
Bayram qo'shish: nomi, sanalari va «Har yili takrorlanadi» tugmachasi. Menejer qo'shgan bayram faqat o'z filialiga tegishli bo'ladi.

Guruh yaratilayotganda

Agar navbatdagi dars bayram kuniga to'g'ri kelsa, tizim uni o'sha kunga yozmaydi — darsni keyingi bo'sh kunga suradi (bayram bo'lmagan va shu guruhda hali dars belgilanmagan eng yaqin kunga). Dars soni kamaymaydi: barcha darslar baribir to'liq yoziladi.

Keyinroq yangi bayram qo'shsangiz

Bayram qo'shilgan zahoti tizim o'sha kunlarga tushib qolgan rejadagi darslarni avtomatik qayta joylashtiradi: bayram kuni jadvaldan chiqariladi, undan keyingi darslar bir o'rin oldinga suriladi va yetishmagan dars kurs oxiriga qo'shiladi — shunda dars raqamlari va mavzular ketma-ketligi buzilmaydi. Natijada «Bayram kuni qo'shildi — 7 ta dars keyingi ish kuniga surildi» degan xabar chiqadi.

Davomat olib bo'lingan darslar va qo'shimcha darslar bunda tegilmaydi — faqat kelgusidagi rejadagi darslar suriladi.

Eslatma:Har yili takrorlanadi yoqilgan bayram (masalan Navro'z) har yil uchun avtomatik hisobga olinadi — uni har yili qayta kiritish shart emas.

Xona va o'qituvchi bandligi — eng ko'p uchraydigan xato

Tizim bir vaqtda bitta xona yoki bitta o'qituvchi ikki guruhda band bo'lishiga yo'l qo'ymaydi. Guruhni saqlaganingizda u shu xona va shu o'qituvchining boshqa faol guruhlarini ko'rib chiqadi: dars kunlari kesishsa va vaqt oralig'i ustma-ust tushsa, guruh saqlanmaydi.

  • «... xonasi band» — o'sha vaqtda xona boshqa guruhga biriktirilgan.
  • «O'qituvchi ... band» — o'sha vaqtda o'qituvchining boshqa darsi bor.

Xabarda faqat «band» degan so'z emas, qaysi guruh bilan to'qnashgani ham yoziladi: guruh nomi, kesishgan kunlar va uning dars vaqti; ostida esa siz tanlagan vaqt ko'rsatiladi. Shunday qilib bo'sh oraliqni topish oson bo'ladi.

Diqqat:To'qnashuv chiqsa: boshqa vaqt, boshqa xona yoki boshqa o'qituvchi tanlang. Vaqtni to'g'rilamaguningizcha guruh saqlanmaydi — bu xato emas, tizim jadvalni himoya qilyapti.

Xuddi shu tekshiruv keyinroq ham ishlaydi: guruhni tahrirlaganda, alohida darsni boshqa kunga ko'chirganda va qo'shimcha dars qo'shganda.

Guruh sahifasi

Ro'yxatdan guruh nomini bossangiz guruh sahifasi ochiladi. Tepada guruh nomi va holati (Faol, Tugagan, Bekor, Arxiv), o'ngda Guruhni yakunlash va Yangilash tugmalari turadi.

Bitta guruh sahifasi
Guruh sahifasi: oltita ma'lumot kartasi, dars progressi va tab'lar — O'quvchilar, Davomat, Jadval, + Darslar.

Oltita ma'lumot kartasi: o'qituvchi, xona, dars vaqti, dars kunlari, to'lov/oy va o'quvchilar soni. Ostida to'rtta tab:

  • O'quvchilar — guruhdagi o'quvchilar, ularning shu oydagi to'lov holati va To'lab qo'yish tugmasi; tepada Mavjud talaba va Yangi o'quvchi.
  • Davomat — oylik davomat jadvali.
  • Jadval — avtomatik tuzilgan darslar ro'yxati (pastda batafsil).
  • + Darslar — qo'shimcha darslar.

Jadvalni boshqarish: ko'chirish, o'chirish, qo'shimcha dars

Guruh sahifasidagi Jadval tabida darslar jadvali chiqadi: #, sana, kun, vaqt va holat ustunlari. Tepada uchta hisoblagich — Jami, O'tilgan, Reja — hamda Yangilash va Jadval yaratish tugmalari.

Dars holatlari

  • Rejada — kelgusi dars;
  • O'tildi — davomat olingan dars;
  • O'tkazib yuborildi — sanasi o'tgan, lekin davomat olinmagan dars (qatori sarg'ish rangda);
  • Ko'chirildi — boshqa sanaga o'tkazilgan dars;
  • Bekor — bekor qilingan dars.

Darsni boshqa kunga ko'chirish

O'tkazib yuborilgan dars qatorini bosing — «O'tkazib yuborilgan darsni ko'chirish» oynasi ochiladi. Yangi sana va vaqtni tanlab saqlaysiz. Agar o'sha payt xona yoki o'qituvchi band bo'lsa, tizim «Tanlangan vaqtda ziddiyat mavjud» deb ogohlantiradi va yordam beradi: o'sha kundagi bo'sh xonalar ro'yxatini hamda o'qituvchining o'sha kungi jadvalini ko'rsatadi. Muvaffaqiyatli bo'lsa «Dars qayta rejalashtirildi» xabari chiqadi.

Darsni o'chirish

Kelgusi rejadagi dars qatorining o'ng chekkasida qizil savat tugmasi bo'ladi; u tasdiq so'raydi («#12 — 15.05.2026 darsni o'chirishni tasdiqlaysizmi?»). Vaqti kelgan yoki allaqachon o'tgan darsni o'chirib bo'lmaydi — tizim «Dars vaqti kelgan yoki o'tgan, o'chirib bo'lmaydi» deb rad etadi.

Jadvalni qaytadan yaratish

Jadval yaratish tugmasi butun jadvalni qayta quradi. Bu safar tizim har bir dars kuni uchun xona va o'qituvchi bandligini tekshiradi: birorta to'qnashuv topilsa hech narsa saqlanmaydi va «N ta ziddiyat topildi. Darslar saqlanmadi» deb xabar beradi.

Qo'shimcha dars qo'shish

+ Darslar tabidagi + Qo'shimcha dars tugmasi oyna ochadi. Unda:

  • Sabab — O'zlashtirish past / Dastur bo'shlig'i / O'qituvchi kelmadi / Bayram o'rnini qoplash / Boshqa;
  • Izoh (ixtiyoriy) — masalan mavzu nomi;
  • Darslar — bir yoki bir nechta sana (+ Qo'shish bilan qator qo'shiladi), har biriga ixtiyoriy vaqt;
  • har bir dars uchun Tekin yoki Pullik (pullik bo'lsa summa yoziladi).

Pastdagi tugma «2 ta dars qo'shish» ko'rinishida bo'ladi. Qo'shimcha darslar ham xona va o'qituvchi bandligi bo'yicha tekshiriladi: band vaqtga tushganlari saqlanmaydi. Sana bayram kuniga to'g'ri kelsa, tizim «... — bayram kuni. Qo'shimcha darsni boshqa kunga qo'ying» deb rad etadi. Ro'yxatda har bir qo'shimcha dars sanasi, vaqti, sababi, to'lovi va holati bilan chiqadi; rejadagi qo'shimcha darsni o'chirish mumkin.

Diqqat:Guruhni Tahrir orqali o'zgartirsangiz va dars kunlari, boshlanish vaqti, davomiyligi, boshlanish sanasi yoki kurs o'zgargan bo'lsa, jadval avtomatik qayta quriladi. Bunda davomat olingan darslar saqlanib qoladi, faqat qolgan (kelgusi) darslar qaytadan yoziladi. Shuning uchun jadvalni sabab bo'lmasa o'zgartirmang.

Guruh tayyor — endi nima qilish kerak

Guruh va uning jadvali tayyor. Endi unga o'quvchi qo'shasiz, to'lovni qabul qilasiz va darslarda davomat olasiz: