Manager paneli

Guruhlar

Guruhlarni yaratish va boshqarish. Guruh — o'qituvchi, xona, kurs, jadval va o'quvchilarni bir joyga bog'laydi. Har bir guruh sahifasida o'quvchilar, davomat, dars jadvali va Telegram-chat bir joyda.

Guruhlar ro'yxati

Chap menyudagi Guruhlar bo'limi barcha guruhlarni karta ko'rinishida ko'rsatadi. Sarlavha ostida jami nechta guruh borligi va bugun nechtasida dars borligi yoziladi.

Guruhlar ro'yxati kartalari
Guruhlar ro'yxati: har kartada o'qituvchi, vaqt, kurs, dars kunlari va o'quvchilar soni.

Har bir guruh kartasida ko'rinadi:

  • guruh nomi va o'quvchilar soni;
  • bugun dars bo'lsa yashil Bugun dars belgisi va vaqti;
  • o'qituvchi, dars vaqti (boshlanish – tugash), xona va kurs nomi;
  • dars kunlari (qisqartma) — bugungi kun yashil rangda;
  • kartadagi Tahrir va O'chir tugmalari.

Yuqorida qidiruv (guruh yoki ustoz bo'yicha) va uchta filtr bor: Barcha ustozlar, Barcha kurslar, Barcha yillar. Tozalash tugmasi filtrlarni asl holatiga qaytaradi.

Eslatma:Guruhni o'chirsangiz u butunlay o'chmaydi — arxivga ko'chiriladi. Kartadagi O'chir tugmasi tasdiqlash so'raydi: «Bu guruh arxivga ko'chiriladi».

Yangi guruh yaratish

O'ng tepadagi + Yangi guruh tugmasi guruh yaratish oynasini ochadi. Barcha maydonlar to'ldirilishi shart; kamida bitta dars kuni tanlanishi kerak.

Yangi guruh qo'shish oynasi
«Yangi guruh qo'shish» oynasi: nom, ustoz, sana, vaqt, davomiylik, xona, kurs va dars kunlari.

Maydonlar bir-bir

  • Guruh nomi — masalan Ingliz tili - 10A.
  • Ustoz — guruhga biriktiriladigan o'qituvchi.
  • Guruh ochilgan sana — dars jadvali shu sanadan boshlab shakllantiriladi, shuning uchun aniq kiriting.
  • Boshlanish vaqti — dars soati (04:00 dan 23:00 gacha, 30 daqiqa oralatib). Erta tong va kech kechqurun guruhlari ham shu oraliqqa sig'adi.
  • Davomiyligi — bitta darsning uzunligi (daqiqada).
  • Xona — dars o'tiladigan xona (avval Xonalar bo'limida kiritilgan bo'lishi kerak).
  • Kurs — kurs tanlanganda uning davomiyligi (oy) va narxi guruhga o'tadi.
  • Jami darslar soni — avtomatik hisoblanadi (kurs oylari × haftadagi kun soni asosida); o'zgartirib bo'lmaydi.
  • Dars kunlari — haftaning kunlaridan kerakli larini belgilaysiz (Dushanba–Yakshanba).
Diqqat:Bir xona yoki bir o'qituvchi bir vaqtda ikki guruhga band bo'lolmaydi. Tanlagan vaqtingizda xona yoki o'qituvchi band bo'lsa, tizim buni xabar qiladi («… xonasi band» / «O'qituvchi … band») — vaqtni yoki xonani o'zgartiring.

Guruh sahifasi

Kartani (nomini) bossangiz guruh sahifasi ochiladi. Tepada guruh nomi, holati (Faol, Tugagan, Bekor, Arxiv), kurs nomi va Guruhni yakunlash tugmasi turadi. Ostida oltita ma'lumot kartasi: o'qituvchi, xona, dars vaqti, dars kunlari, to'lov/oy va o'quvchilar soni. Undan pastda dars progressi (o'tilgan/jami).

Bitta guruh sahifasi
Guruh sahifasi: ma'lumot kartalari, progress va tab'lar (O'quvchilar, Davomat, Jadval, + Darslar).

Tab'lar

  • O'quvchilar — guruhdagi o'quvchilar jadvali (ism, telefon, jinsi, shu oy to'lovi). Har o'quvchida To'langan / To'lanmagan holati va To'lab qo'yish tugmasi. Tepada Mavjud talaba (bazadagilardan qo'shish) va Yangi o'quvchi (darrov yangi yaratib qo'shish) tugmalari.
  • Davomat — oylik davomat jadvali (pastda batafsil).
  • Jadval — darslar ro'yxati (sana, kun, vaqt, holat). Jadval yaratish tugmasi darslar rejasini generatsiya qiladi. O'tkazib yuborilgan darsni boshqa sanaga ko'chirish mumkin.
  • + Darslar — qo'shimcha darslar (masalan, o'zlashtirish past bo'lgani yoki bayram o'rnini qoplash uchun). Bepul yoki pullik qilib qo'shiladi.

Guruhga o'quvchi qo'shish

Guruh sahifasidagi Mavjud talaba tugmasi alohida qo'shish sahifasini ochadi. U yerda filialdagi (guruhga hali qo'shilmagan) o'quvchilar kartalar ko'rinishida chiqadi. Kartalarni bosib bir nechtasini belgilab, pastdagi Guruhga qo'shish (N) tugmasi bilan hammasini birdan qo'shasiz.

Guruhga o'quvchi qo'shish sahifasi
«O'quvchilarni qo'shish»: qidiruv, belgilash va «Guruhga qo'shish» tugmasi.
Eslatma:Ro'yxatda faqat o'z filialingizdagi, ushbu guruhda hali bo'lmagan o'quvchilar ko'rinadi. Yangi kelgan, bazada bo'lmagan o'quvchi uchun avval Yangi o'quvchi tugmasi orqali yarating.

O'quvchini boshqa guruhga ko'chirish

O'quvchini bir guruhdan ikkinchisiga ko'chirish uchun o'quvchi profilidagi O'tkazish tugmasidan foydalaning: eski guruhni va yangi guruhni tanlaysiz, ixtiyoriy izoh yozasiz. O'quvchi eski guruhdan chiqarilib yangisiga qo'shiladi va bu Guruh tarixi tab'ida qoladi.

Guruhdan butunlay chiqarish uchun guruh sahifasidagi o'quvchi qatorida Guruhdan chiqarish amali bor — sabab yozish majburiy. Bir nechta o'quvchini belgilab birdan chiqarish ham mumkin.

Guruh davomati

Guruh sahifasidagi Davomat tab'i oylik davomat jadvalini ko'rsatadi: qatorlar — o'quvchilar, ustunlar — dars sanalari. Yuqorida rang izohi (legend) turadi.

Guruh davomat jadvali
Davomat jadvali: Qatnashgan (yashil), Kechikkan (ko'k), Sababli (sariq), Sababsiz (qizil).

Katakni bossangiz o'sha kungi davomatni tahrirlash oynasi ochiladi: holatni (Qatnashgan, Kechikdi, Qatnashmagan, Sababli qoldirdi) tanlaysiz, sababli bo'lsa sababni yozasiz. Davomat haqida batafsil Davomat sahifasida.

Guruh Telegram-chat

Har bir guruh sahifasining pastida Telegram chat paneli bor. U guruhning Telegram chatiga bog'lanish (binding) holatini ko'rsatadi: Ulangan yoki Ulanmagan, qaysi bot va Chat ID orqali, hamda guruh a'zolari ro'yxati.

Bog'lash uchun bot tanlanadi va Telegram guruhining Chat ID si kiritiladi. Muhim: bot Telegram guruhida admin bo'lishi va xabar yuborish ruxsatiga ega bo'lishi kerak. Bog'langach dars eslatmalari va davomat loglari shu bot orqali shu chatga yuboriladi. Panel orqali darrov qo'lda xabar yoki navbatdagi darsga avtomatik eslatma jo'natish ham mumkin.

Eslatma:A'zolar ro'yxatida faqat guruhda kamida bir marta yozgan foydalanuvchilar ko'rinadi. «Hali yozmagan» a'zolar birinchi xabaridan so'ng avtomatik paydo bo'ladi.

Xonalar va kurslar bilan bog'liqlik

Guruh yaratishdan oldin Xona va Kurs mavjud bo'lishi kerak — guruh formasida ular ro'yxatdan tanlanadi.

Xonalar

Xonalar bo'limida xona nomi va sig'imi (nechta o'quvchi sig'ishi) kiritiladi. Xonani tahrirlasangiz, o'sha xonaga bog'langan guruhlarda ham ma'lumot yangilanadi.

Xonalar bo'limi
Xonalar: nom, sig'im va statistika (jami xonalar, umumiy sig'im).

Kurslar

Kurslar bo'limida kurs nomi, narxi (UZS) va davomiyligi (oy, ko'pi bilan 30) kiritiladi. Kurs guruhga tanlanganda uning narxi o'quvchini guruhga qo'shishda to'lov summasi sifatida, davomiyligi esa darslar sonini hisoblashda ishlatiladi.

Kurslar bo'limi
Kurslar: har kartada narx (UZS) va davomiylik (oy); guruhga shular biriktiriladi.

Ko'p so'raladigan savollar

Guruh yaratayotib «xona band» yoki «o'qituvchi band» degan xabar chiqdi — nima qilay?+
Tanlagan vaqtingizda o'sha xona yoki o'qituvchi boshqa guruhga biriktirilgan. Boshlanish vaqtini yoki xonani o'zgartiring. Kerak bo'lsa mavjud guruhlar jadvalini ko'rib bo'sh oralig'ni toping.
«Jami darslar soni» maydonini o'zim kirita olmayapman — nega?+
Bu maydon avtomatik hisoblanadi: kurs davomiyligi (oy) va tanlagan dars kunlari soniga qarab. Uni o'zgartirish uchun kursni yoki dars kunlarini o'zgartiring.
Guruhni xato o'chirdim — qaytarib bo'ladimi?+
Ha. O'chirilgan guruh arxivga tushadi. Arxiv → Guruhlar tab'idan uni topib Tiklash tugmasini bosing.
O'quvchi qo'shmoqchiman, lekin ro'yxatda ko'rinmayapti — nega?+
«Mavjud talaba» ro'yxatida faqat o'z filialingizdagi va ushbu guruhda hali bo'lmagan o'quvchilar chiqadi. Agar o'quvchi allaqachon shu guruhda bo'lsa yoki boshqa filialga tegishli bo'lsa, u ko'rinmaydi. Yangi o'quvchi bo'lsa avval Yangi o'quvchi orqali yarating.
Telegramga xabar yuborilmayapti — sababi nimada?+
Ko'p hollarda bot guruhda admin emas yoki xabar yuborish ruxsatiga ega emas. Telegram guruh sozlamalaridan botni admin qiling va xabar yuborish huquqini bering, so'ng binding to'g'ri Chat ID bilan ulanganini tekshiring.